Poytaxtimizdagi «Tashkent City» Xalqaro ishbilarmonlik markazi (XIM) hududida mamlakatimizdagi eng baland osmono‘par bino qurilmoqda. Bu haqda Turkiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Prezidentimiz tashabbuslari bilan bunyod etilayotgan «Tashkent City» XIM bugun nafaqat yurtdoshlarimizning, balkim xorijiy davlatlardagi ko‘plab insonlarning ham qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur yirik majmua qurilishida ishtirok etish, shuningdek bu hududda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qancha davlatlarning yirik tadbirkorlari tashrif buyurib, o‘z takliflarini berishmoqda. Bugungi kunda hududdagi 4-Lotda «Murad Buildings» mahalliy kompaniyasi va Turkiyaning «Ozguven» quruvchilik kompaniyasi tomonidan 215 metrdan ortiqroq balandlikka ega 50 qavatli osmono‘par bino qurilmoqda. Bir yarim gektar hududda qad rostlaydigan mazkur ob’ektning rasmiy nomi joriy yilning 15 avgustidan so‘ng e’lon qilinishi kutilmoqda. Tadbirda «Murad Buildings» va «Ozguven» kompaniyalari rahbarlari mamlakatimizning birinchi eng baland osmono‘par binosi fotosuratlarini namoyish etar ekanlar, inshootning o‘ziga xos xususiyatlari haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berib o‘tdilar. Anjuman qatnashchilarining ta’kidlashicha, qurilish ishlari yakuniga etgach, u o‘ziga xos arxitektura echimlarini o‘zida mujassam etgan mamlakatdagi ilk osmono‘par bino, O‘rta Osiyo da esa eng baland binolardan biriga aylanadi. – Loyiha ustida 500 dan ortiq mutaxassislar ish olib borgan va butun jamoa Prezidentimiz tasvirlab bergan bino timsoliga loyiq loyiha yaratish uchun o‘z sa’y-harakatini ayamadilar, – deydi Murod Nazarov. – Hozir binoning xususiyatlari haqida so‘z ketganda, asosan uning balandligi tilga olinmoqda. Biroq bizning asosiy maqsadimiz uni eng baland qilib qurishda emas, balki bu binoda barcha qulaylik va sharoitlarni yaratishda, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Tadbirkor o‘z so‘zida davom etar ekan: – Prezidentimiz mamlakatimizni rivojlantirish borasida o‘zining teran qarashlari, fikr va takliflari, tashabbuslari bilan ko‘plab insonlarni, jumladan, bizni ham ilhomlantirishda davom etmoqda. Ushbu ko‘tarinki ruh bizga «Tashkent City» xalqaro loyihasida ishtirok etish fursatini taqdim etdi. Deyarli ikki yil davomida katta ishtiyoq bilan ushbu loyihani eng yuksak tarzda amalga oshirish istagi bilan ishlab kelmoqdamiz. Biz Ozguven kabi ishonchli hamkor topganimizdan xursandmiz va birgalikda katta orzuni amalga oshirish uchun harakat qilmoqdamiz. Biz mamlakatimiz poytaxtining qoq markaziy hududida bo‘y cho‘zayotgan mazkur loyihani zamonaviy va innovatsion arxitektura echimlarini namoyon etuvchi, Jonajon shahrimiz, ardoqli hamshaharlarimiz qalbidan munosib o‘rin egallaydigan inshootga aylanishini istaymiz, – deya ta’kidladi. «Ozguven» kompaniyasi rahbari Ozgur Ozguven me’morchilik nuqtai nazaridan yangicha qarashlar va noan’anaviy echimlarni o‘zida aks ettirgan mazkur loyiha ustida o‘z jamoasi bilan 5 oyga yaqin vaqt mobaynida ish olib borayotganini aytdi va kelajak binosining bir qator texnik xususiyatlari bilan o‘rtoqlashdi. – Biz Markaziy Osiyo va Buyuk Ipak Yo‘li markazida joylashgan ushbu loyihada ishtirok etayotganimizdan baxtiyormiz. Biz o‘z nou-xaularimizni qo‘llashdan tashqari, Turkiyaning yirik universitetlari professorlari, dunyoning ko‘plab mashhur mutaxassislari bilan maslahatlashuvlar qildik. Arxitektura va muhandislik nuqtai nazaridan juda batafsil tadqiqot va loyihalashtirish ishlari olib borildi. SHuni ham aytishim zarurki, binoning qurilishi jarayonida granitdan ham kuchli bo‘lgan betonning M-700 turi ishlatiladi. Birgina poydevor uchun quyiladigan beton materialining o‘zidan o‘ta kuchli devorlarga ega va har biri 80 kvadrat metrga teng 700 ta xonadon qurish mumkin bo‘lardi. Butun ob’ekt uchun ishlatiladigan betondan esa 5 000 ta ana shunday xonadonlar qurish mumkin. Agar qurilishda ishlatiladigan barcha temir anjomlar qo‘shilsa, ularning umumiy uzunligi 7,5 ming kilometrni tashkil etadi. Bu Tashkent City markazidan Istanbulgacha va orqaga bo‘lgan masofadan ham ko‘prog‘ini tashkil etadi. Ushbu miqdordagi temirdan 25 mingta nufuzli avtomobil ishlab chiqarilishi mumkin edi. Bugungi kunda ham ushbu inshootni yanada mukammal qilish borasidagi izlanishlar davom etmoqda. Dunyoning qaysi bir erida bundan ham yaxshirog‘i borligini qidiryapmiz. Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Xususan, binoning mustahkamligi va moliyalashtirish manbalari haqidagi savollarga M. Nazarov quyidagicha javob berdi: – 1,5 gektar maydonga ega binoning poydevoriga birdaniga qalinligi 4 metr bo‘lgan beton quyiladi hamda jami uzunligi 50 000 metr bo‘lgan 2 000 taga yaqin qoziqlar bilan mustahkamlanadi. SHuningdek, bu borada yana bir qator arxitekturaviy echimlar ham qo‘llaniladi. Bu haqida bir oydan so‘ng yana batafsil javob berishni rejalashtirganmiz. Binoning zilzilabardoshligi bo‘yicha olib borilgan izlanishlar haqida shuni aytish mumkinki, turkiyalik hamkorlarimiz tomonidan erning geotahlillarini o‘rganish ishlari olib borildi. Bunda Turkiyadan maxsus texnika keltirilib, 100 metr chuqurlikkacha kavlandi. Har 2 metrda tuproqlardan namunalar olinib, tahlil uchun Turkiyaga yuborildi. Inshoot qurilishining moliyalashtirish manbalari haqidagi shuni aytish mumkinki, hozirgi kunda Xitoy, Koreya va BAAdan ko‘plab yirik tadbirkorlar hamkorlik bo‘yicha taklif bildirmoqdalar. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollarni tashkil etadi. SHuningdek, inshootning er ostidagi 20 qavatli qismidan 4 ta qavatini 1 200 ta avtomobil sig‘imiga ega avtoturargoh sifatida qurish belgilangani aytildi. Anjumanda tadbirkorlarga qiziq savol tushdi: – 215 metr balandlik antennagachami yoki antenna bilanmi? – Bizda barchasi halol. Antennasiz! – deya javob qildi Murod Nazarov. Tadbir tashkilotchilari kelgusi oyning 15 sanasidan so‘ng mazkur osmono‘par bino haqida yanada batafsil axborotlar taqdim etilishini ma’lum qildilar.