Respublikamizda qishloq joylarida aholi yashash tarzini rivojlantirish, qishloqdagi infratuzilmalarni rivojlantirish, namunaviy loyihalar asosida uy-joylarni qurish va infratuzilma ob’ektlarini barpo etish bilan uzviy bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi PQ-2639-sonli qarori bilan tasdiqlangan «2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylarni qurish Dasturi»ga muvofiq, o‘tgan davr mobaynida yangilangan namunaviy loyihalar asosida 53 mingdan ziyod arzon uy-joy va kvartiralar qurildi, turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj 65 mingga yaqin oila uy-joy bilan ta’minlandi.
Mazkur qaror mazmunida hududlarning tabiiy iqlim sharoiti va relefini, respublika mintaqalarining ijtimoiy demografik xususiyatlari hamda zamonaviy qurilish materiallari va texnologiyalarni qo‘llagan holda qishloqlarda aholi shart-sharoitlarini yanada rivojlantirish bilan bir qatorda, respublikamizda uy-joy qurilishi, qishloq aholisini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash, er ajratish, arxitektura sohasidagi ishlarni tashkil etishni takomillashtirishga katta e’tibor qaratilgan.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda mamlakatimizda energiya samarador, tejamkor uylar qurish masalasiga qurilish sohasini rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri sifatida e’tibor qaratilib, xususan, davlat dasturlari doirasida qishloq va shahar joylardagi namunaviy loyihalar asosida bunyod etilayotgan turar joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari binolari ham aynan shu xususiyatlar bilan boyitilishi asosiy vazifa etib belgilanmoqda.
Qurilishda energiya samarador qurilish materiallaridan keng foydalanish va tabiiy resurslar yordamida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqish texnologiyalarini joriy etgan holda binolarda energiya sarfini kamaytirish, o‘z-o‘zini energiya bilan ta’minlovchi uskunalar yordamida inshootlardagi qulayliklarni oshirish vazifalari ustida tegishli tashkilotlar, loyiha institutlari tomonidan izlanishlar olib borilib, ko‘plab tajribalar sinovdan o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 noyabrda qabul qilingan «Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5577-son Farmonida ham 2020 yil 1 yanvardan boshlab uy-joy qurilishi ob’ektlari loyiha-tadqiqot va qurilish-montaj ishlarini bajarish bosqichida energiya-samarador va energiya-tejamkor uskunalar bilan majburiy ravishda jihozlanishi qat’iy belgilab berilgan.
Avvalo, shuni aytish mumkinki, qurilish sohasida «aqlli qurilish» degan tushuncha bor. YA’ni qurilish ishlarida foydalaniladigan materiallar orqali energiyani tejash va tabiiy iqlim nazoratiga erishish. Bu energiya samarador qurilish materiallaridan foydalanish orqali qurilish tannarxini pasaytirish, shuningdek, kam energiya sarflash havo sovuq kunlari ushbu materiallar yordamida qurilgan binoni isitish va aksincha issiq kunlarda sovuta bilish demakdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi «Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» PQ-4028-sonli qaroriga asosan Respublika bo‘yicha 2019 yilda namunaviy loyihalar asosida 15010 ta uy-joy barpo etilishi rejalashtirilgan.
Qarorda «Qishloq qurilish invest» IK» MCHJ buyurtmachiligidagi ushbu uy-joylar «Qishloq qurilish loyiha» MCHJ bosh loyiha-qidiruv instituti tomonidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida qurilishi ko‘rsatilgan.
SHuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fond bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Respublikasining qishloq joylarda energiya samarador uy-joylar qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi amalga oshirilayotgani va ushbu loyiha doirasida 2019-2021 yillarda arzon uy-joylar qurilishi uchun 3,0 million AQSH dollari miqdorida maqsadli grantlar ajratilishi nazarda tutilgani, ular qurilayotgan arzon uy-joylarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilishi ma’lum qilingan.
Qarorda ta’kidlanishicha, Qo‘shma loyiha doirasida «Qishloq qurilish loyiha» MCHJ tomonidan arzon uy-joylarning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy energiya tejamkor materiallar va texnologiyalardan foydalanishni ko‘zda tutuvchi namunaviy loyihalari ishlab chiqilgan.
Aytib o‘tilganidek, davlatimiz rahbarining ushbu qarorida qurilajak uylarning energiya samaradorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, ushbu vazifalar ijrosi bo‘yicha qo‘shma loyiha doirasida taalluqli vazirlik va idoralar, loyiha tashkilotlari vakillari turli mamlakatlardagi tajribalarni o‘rgandilar. SHuni ham aytish o‘rinliki, ushbu o‘rganishlarda rivojlangan mamlakatlar qatorida, iqlim sharoiti, energiya ta’minotidagi masalalar jihatidan yaqin bo‘lgan davlatlar tajribalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganishlar natijalari umumlashtirilib, joriy yilda qishloq hududlarida quriladigan zamonaviy, energiya samarador turar joylar loyihalari ishlab chiqildi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida arzon uy-joy qurish bo‘yicha 20 ta 4 qavatli uylarni joylashtirish bosh rejasi, ko‘chalarning o‘ng va chap tomonlarida joylashgan binolarning arxitektura qiyofasini tartibga keltirish kesimi (razvertkasi), tashqi fasad ko‘rinishlari, energiya tejamkor va arzon qurilish materiallari keng ishlatilishini nazarda tutuvchi, ya’ni uy-joylar tashqi devorlarining ichki va tashqi tomonlarida issiqlik himoya qatlamlari ko‘zda tutilgan namunaviy loyihalari ishlab chiqildi. Ularga O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» DUK Toshkent viloyati shu’ba korxonasi «4 qavatli 24 xonadonli 2, 3 xonali uyning tashqi devorlarining ichki va tashqi tomonlarida issiqlik himoya qatlamli loyihasi»ga ijobiy xulosalar berildi.
2019 yil uy-joylar dasturiga muvofiq quriladigan 2 sotixli 3 xonali uy-joylar loyihalarida issiqlik himoya qatlami sifatida energiya tejamkor qurilish materiallari ishlatilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, uy-joylarning tashqi devorlarining tashqi tomonida qalinligi 50-60 mm bo‘lgan bazalt tolali plitalar, ular ustidan dekorativ elimli suvoq va ichki tomonida gipsokartonlar qoplanib, issiqlik himoya qatlami sifatida qalinligi 50 mm bo‘lgan bazalt tolali plitalar, pol ishlarida qalinligi 20 mm bo‘lgan ko‘pirtirilgan penopolietilen (ISOCOM) hamda tom ishlarida qalinligi 20-30 mm bo‘lgan rulonli ko‘pirtirilgan penopolietilen (ISOCOM) mahsulotlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan. SHuningdek, tomning issiqlik himoya qatlami ustidan qalinligi 40-50 mm markasi M-100 sement qum qorishmasidan foydalanilgan.
Bunday texnologiya yordamida qurilgan uylarda energiya tejamkorlik ko‘rsatkichlari oddiy qurilgan uylarga nisbatan katta farq qilib, mablag‘ va energiya resurslarining tejalishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, amaldagi 4 va 5 qavatli 2-3 xonali 24-30 xonadonli turar joy binolari loyihalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, po‘lat armaturalar o‘rniga kompozit armatura (ASK va ABK)lar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu o‘zgartirishlar bo‘yicha ham tegishli xulosalar olingan.
SHu o‘rinda kompozit armaturaning afzallik jihatlari haqida ham to‘xtalish maqsadga muvofiq. O‘ta engil ushbu qurilish materiali mustahkam, arzon, karroziyaga uchramaydi. Kimyoviy kislotali elementlar va qaynoq haroratga chidamli bu material o‘zidan elektr toki o‘tkazmaydi, issiqlik o‘tkazish darajasi ham juda past. Shuningdek, xavfsizlik jihatidan ham ahamiyatga molik taraflari bisyor.
O‘ta engilligi tufayli tashish xarajatlari ham po‘lat armaturanikiga nisbatan sezilarli darajada kam. Shuningdek, cho‘zilish va kengayish xususiyatlariga ko‘ra kompozit armaturaning po‘lat armaturaga nisbatan ustunlik jihatlari ko‘p.
Davlat dasturi doirasida qurilayotgan uylarning takomillashuvida yana bir alohida ahamiyat kasb etayotgan jarayon ham bor. U ham bo‘lsa, BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fondi grant mablag‘lari asosida respublikamizning 5 ta viloyatida quriladigan 800 ta 2 sotixli uylar energiyasamaradorlik loyihasi doirasida quyosh kollektorlari va panellari bilan jihozlanadi. Bu esa, ushbu xonadonda har qanday ob-havo sharotida ham tabiiy resurslar yordamida issiq suv, issiqlik va elektr energiyasi mavjud bo‘lishini ta’minlaydi. Markaziy elektr tarmog‘iga qaramlikdan qutilish, xonalarni isitish va issiq suv ta’minoti masalasini bu shaklda hal etish har bir oilaning tinch, xotirjam va farovon turmush kechirishi imkoniyatlarini oshiradi.
To‘g‘ri, qurilishga yangi texnologiyalarni tatbiq etishga kirishishda qurilish va loyihalashtirish tashkilotlari ishchi-xodimlariga yangi loyihalarning sir-asrorlari, qo‘llaniladigan texnologiyaning tartib-qoidalari haqida etarli ma’lumotlar berish, keng miqyosda master klasslar o‘tish talab qilinadi. BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida bu borada ham samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, qishloq massivlarida namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uylarning sifatini oshirish, qurilish-montaj jarayonlarida mualliflik, texnik nazoratlarini kuchaytirish, ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish va belgilangan tartibda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish tizimini takomillashtirish maqsadida, «Qishloq qurilish invest» IK» MCHJ va «Qishloq qurilish loyiha» MCHJ bosh loyiha-qidiruv institutining mutaxassislari, BMT Taraqqiyot Dasturi qo‘shma loyihasi, Osiyo taraqqiyoti banki hamda Islom taraqqiyoti banki loyihalarini amalga oshirish guruhlari vakillari, tegishli tashkilotlar mas’ul xodimlari ishtirokida qo‘shma seminarlar o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlarda ishlab chiqilgan loyihalarning o‘ziga xos va qurilish ishlari jarayonida qat’iy amal qilish lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Ish jarayoni davomida kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tegishli tavsiyalar berildi. SHuningdek qurilish-montaj ishlari jarayonida mualliflik va texnik nazoratlarini olib borilishi va ob’ektlarni foydalanishga qabul qilishda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish tizimlari tushuntirib berildi.
Mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, yurtimizda energiya samarador va tejamkor binolar qurilishida erishilayotgan ushbu natijalar yaqin kelajakda yanada boyitilib, xalqimizning chinakam farovon turmushi uchun xizmat qiladigan barcha qulayliklarga ega uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar soni yanada oshiriladi. Zero, qo‘shma loyihada amalga oshirilayotgan ishlarning ham asosiy mazmuni mamlakatimizda energiya samarador binolar qurilishini keng targ‘ib qilish hamda kengaytirishdan iboratdir.
Shu ma’noda Prezidentimizning kuni kecha Andijon viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida barcha loyihalarda aholining talab-ehtiyojlari va hududni rivojlantirish istiqbollarini inobatga olish, qurilishda energiyatejamkor materiallar va texnologiyalardan foydalanish zarurligini ta’kidlaganida ham ulkan ma’no-mazmun mujassam.