O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan mamlakatimiz qurilish sohasidagi amalga oshirilayotgan islohotlarni keng yoritishda, shahar va qishloqlarda ro‘y berayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari targ‘ibotidagi faol ishtiroki etayotgan bir guruh jurnalistlarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan qurilish vazirining o‘rinbosari Erkin Iskandarov jurnalistlarni kasb bayramlari bilan qutlar ekan, xalqimizga yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlar, xususan barcha hududlarda ro‘y berayotgan ulkan bunyodkorlik jarayonlari, bu ishlarning mazmun-mohiyati bilan tanishtirib borishdek mas’uliyatli ishlarida kuch-quvvat tiladi.
Vazir o‘rinbosari SHuhratxo‘ja Hoshimovlar o‘z tabrik so‘zida vazirlik va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni bundan-da mustahkamlash zarurligini, xususan davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 iyunda qabul qilingan «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash borasida ham ushbu hamkorlik alohida mazmunga ega bo‘lishini ta’kidladi.
Vazirlik matbuot kotibi Dilshod Jalolov jurnalistlarga vazirlik faoliyati, qurilish sohasi yangiliklarini yoritib borishdagi munosib xizmatlari uchun minnatdorlik bildirib, Qurilish vazirligi kelgusida ham ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni rivojlantirib borish tarafdori ekanini aytib o‘tdi.
Jurnalistlar ko‘rsatilgan e’tibor va rag‘bat uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.